logotip
Ulardan buni kutmagan edik
31 IYUL, 17:50 / O'QILDI: 3774

Stadion.uz APL muxlislari kutgan natijani namoyish eta olmagan futbolchi, klub va murabbiylar haqida fikr almashadi.

Gvardiola va “Manchester Siti”

“Shaharliklar” bu mavumda EChL g'olibligi uchun asosiy da'vogar, biroq biz bugun APL haqida suhbatlashamiz. E'tibor qarating, Pep shogirdlar mavsum davomida o'z uyida 9 ta o'yinda mag'lub bo'ldi. Bu deyarli har 4-uchrashuvda raqiblar “Siti”ni uyda taslim qilganidan darak bermoqda. Vaziyatni Pep klub skautlarining yaxshi ishlamayotganiga yoymoqda. Qaysidir ma'noda uning fikrida jon bor. Katta summaga harid qilingan Konselu, Stounz, Mendilar jamoaga yordam bermadi. Artetaning “Arsenal”ga ketishi, Pepni “Liverpul”ga chempionlikni topshirib qo'yishi bilan yakunlandi.

Anchelottining “Everton”i va Pikford

Tan olish lozim, Anchelotti birinchi navbatda “Everton”ning imidji uchun taklif etildi. Shunga qaramay, so'nggi 5 yil davomida transferlarga ishlatilgan pullarni hisoblasak, aynan “Everton” APLning eng omadsiz jamoalaridan biriga aylanadi. “Irislar” 5 yil davomida 570 million evro sarf etdi. Yurgen Klopp bundan 20 million ko'proq sarflab chempion jamoani tuzdi. Anchelotti boshchiligidagi jamoa APLda 12-o'rin bilan cheklandi. Vaholanki, “Sheffild” singari kichik klublar ulardan ancha yuqoriroqdan o'rin olgani muxlislarni hayron qoldirgani turgan gap. O'tgan mavsumda o'zini ko'rsata olgan Pikford negadir bu mavsumda “ko'rinmadi”. Avvaliga jarohat olgan kipper, mavsum so'nggida seyvlar borasida APLda 19-o'ringa zo'rg'a “ilindi”.

Kepa va “Chelsi” markaziy himoyachilari

Bu vaziyatda Kepaga barcha aybni to'nkamoqchi emasmiz. Sababi, “Chelsi”ning ayni damdagi himoyachilari Terri va Karvalo darajasida emas. Achinarlisi shundaki, aynan Kepa zarbalarni bartaraf etish borasida APLda (54,4 foiz) 20-o'rinni egalladi. Bejizga “aristokratlar” Yan Oblak transferi haqida bosh qotirmayapti. Mavsumni juda yomon o'tkazgan “Arsenal” kipperi zarbalarning 78 foizini bartaraf etishga muvaffaq bo'ldi. “Chelsi”ga hech yo'q shunday ko'rsatgich namoyish etishga qodir darvozabon kerak.

Pochettino, Ndombele va “Tottenhem”

O'tgan mavsumda “Tottenhem” EChL final uchrashuvida to'p tepgani ko'pchilikning yodidan ko'tarilib ketgani aniq. Afsuski, barchasi juda tez o'zgarib ketdi. Pochettino juda kuchli jamoani 2019/20-yilda sochilib ketishdan arsab qola olmadi. Angliyaning eng kurashuvchan yigitlari bir mavsumda tanib bo'lmas darajada o'zgarib ketdi. Keyn avvalgi darajasida emas. Eriksen “Inter”ga ravona bo'ldi. Uning o'rnini egallashi kerak bo'lgan Ndombele esa, zaxiraga mixlandi. Umaman olganda, “Tottenhem” bu mavsumning eng omadsizlaridan biri bo'ldi.

Denni Drinkuoter va boshqa “bezorilar”

Deni bu mavsumda “Chelsi”da nimalarga qodir ekanligini ko'rsata olmadi. Vaholanki, uning imkoniyatlari chakki emas edi. Boz ustiga, uning Manchester shahridagi tungi barlardan birida ortirib olgan jarohati oav tomonidan keng yortildi. 35 million funt evaziga sotib olingan Denni xurmacha qiliqlari bilangina e'tiborni tortdi xolos. Jek Grilish esa, karantin qoidalarini buzish borasida barchaga o'rnak bo'ldi, biroq uning “Aston Villa”ni elitada saqlab qolgani buni tezda unutilib ketishiga sabab bo'ladi.

Emirining “Arsenal”i, David Luis va Mustafi

Tan olish lozim, Emiri “Arsenal”ning so'nggi 25 yil ichidagi eng yomon murabbiyiga aylandi. Jamoa musobaqani 8-pog'onada yakunladi. Yaxshiyam-ki, Obomeyang bor ekan. Aks xolda, Mustafi, O'zil va Luis singari nomdor ijrochilar jamoani yanada pastga tortib ketishi mumkin edi. Boz ustiga, katta summa evaziga sotib olingan Pepe ham aytalri hech narsaning uddasidan chiqqani yo'q. Ochig'i Emeri bunday kalibrdagi futbolchilar bilan “Chelsi” yoki “Lester”dan yaxshiroq o'rinda bo'lishi mumkin edi. London klubi muxlislari omadsizning mavsumning sababini hali-hamon izlashmoqda.

Restart qurboni – “Lester”

 

Afsuski, uzoq davom etgan to'xtalish “Lester”ni ruhan va jismonan biroz qiynab qo'ydi. Vaholanki, Rojers shogirdlari osonlik bilan EChL yo'llanmasini qo'lga kiritishi mumkin edi. Birin ketin omadsizliklar va kutilmagan ochko yo'qotishlar barchasini “Manchester Yunayted” bilan o'yingga qadar olib keldi va “tulkilar” mavsumning eng muhim uchrashuvida mag'lub bo'lishdi. Agar mavsum boshida “tulkilar”ga 5-o'rin taklif etilganida, ular bunga rozi bo'lishar edi, biroq birinchi davrada ikkinchi o'rinda borgan klub muxlislari 5-o'rinni hazm qilishlari biroz mushkul masala…

APL hakamlari va VAR

Afsuski, dunyoning eng shiddatli chempionati VAR sababli o'z statusini biroz yo'qotib qo'ydi. Mavsum davomida o'nlab qo'pol xatolarga yo'l qo'yilgani so'zimizga isbot bo'la oladi. Achinarlisi shundaki, ushbu hatolarning aksariyatini hakamlar rasman tan ham oldi. Hatto APL hakamlar qo'mitasi Kashshaiga murojaat etishga ham majbur bo'lishdi. Shunday bo'lsada, bu hatolar kimning zarariga ishladi degan o'rinli savol paydo bo'ladi. Misol uchun “Aston Villa”ning “Sheffild”ga qarshi uchrashuvdagi shubhali goli “Bormunt”ni musobaqa bilan xayrlashishiga olib keldi. Vaholanki, o'sha golni hakam bekor qilishi mumkin edi. U shunchaki, vaziyatni o'z bo'yniga olishni istamadi. Shuningdek, “Manchester Yunayted” foydasiga ham keragidna ko'proq foydali qaror qabul qilindi. Afsuski, APL bosh hakamlarining VARda o'tirgan yordamchilari asosida qaror qabul qilishi o'zini umuman oqlamadi. Agar kelasi mavsumda ham shu qaror o'z kuchida qolsa, bu APL bahslarining shaffofligiga putur etkazishi turgan gap.


Manba: std.uz

FIKRLAR
Hozircha hech kim izoh qoldirmagan.

© MAYDON.RU – Футбол янгиликлари.
Ташкил топган сана: 10.12.2018.
Бош муҳаррир: Жасурбек Аллашукиров.
Барча ҳуқуқлар ҳимояланган. Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт. Блогдаги материаллар учун блог эгаси, хабарлар остидаги фикрлар учун фойдаланувчининг ўзи жавобгар.