logotip
Lyubinko Drulovich: «O'zbek futboli tarixiga kirishimizga umid qilaman»
12 YANVAR, 14:40 / O'QILDI: 660

O'zbekiston U23 terma jamoasi bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich Osiyo futbol konfederatsiyasi rasmiy veb-sayti uchun intervyu berdi. Mutaxassis suhbat davomida avvalgi faoliyati va unda qo'lga kiritilgan yutuqlar haqida ham to'xtalib o'tdi.

"2012 yilda Serbiya yoshlar (U19) terma jamoasi bilan Evropa chempionligini qo'lga kiritgan edik. Bu mamlakat futbol tarixidagi eng yaxshi natijalardan biri hisoblanadi. Bu oltin medal men va futbolchilar uchun muhim ahamiyatga ega edi. Bu natija bilan faxrlanaman. Keyinchalik ixtiyorimdagi etti futbolchi mamlakat milliy terma jamoasi safiga kirdi. Shundan so'ng milliy terma jamoasi bosh murabbiyiga aylandim, ammo bu jamoa boshqaruvida 4ta o'yinda qatnashdim, xolos".

"Bir yil avval esa O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan shartnoma imzolab, ishni boshladim. Mart oyida bo'lib o'tgan saralash bosqichida guruhda 1-o'rinni egallab, Osiyo chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritdik. O'ylashimcha, O'zbekistonda iqtidorli futbolchi ko'p. Nazarimda, ixtiyorimda yaxshi jamoa yig'ilgan.

Safimizda ikki yil avval chempionlikni qo'lga kiritgan futbolchilar bor. Bu esa muhim ahamiyatga ega. Ular yana muvaffaqiyatga erishish uchun qachon va qaerda nima qilish kerakligini yaxshi bilishadi.

Osiyo chempionatida raqobat juda yuqori, raqiblar kuchli, kuchsiz jamoaning o'zi yo'q. Ammo biz yaxshi o'yin ko'rsatib, ijobiy natijaga erishishga harakat qilamiz.

O'zbekistonlik futbolchilarning saviyasi yaxshi. Ular yosh bo'lishiga qaramay, professional hisoblanishadi. Ularning mehnatidan qoniqish hosil qilyapman. Ishonchim komil, ularni yaxshi kelajak kutmoqda. Buning uchun ular 23 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasida qit'a chempionatida o'zlarini ko'rsatishlari kerak. Shunda Osiyoning grand klublari bilan shartnoma imzolash imkoniyatiga ega bo'lishadi.

Bizning asosiy maqsadimiz — olimpiya o'yinlari yo'llanmasini qo'lga kiritish. Bu oson bo'lmaydi va bu erga kelgan har bir jamoa shu maqsad bilan musobaqaga tashrif buyurgan. Ammo men o'z jamoamga ishonaman. Guruhning qolgan ikkita o'yinida g'alaba qozonib, chorak finalga chiqishimiz kerak. Biz o'zbek futboli tarixiga kiramiz, deb umid qilaman", — dedi Drulovich.


Manba: Maydon.ru

FIKRLAR
Hozircha hech kim izoh qoldirmagan.

© MAYDON.RU – Футбол янгиликлари.
Ташкил топган сана: 10.12.2018.
Бош муҳаррир: Жасурбек Аллашукиров.
Барча ҳуқуқлар ҳимояланган. Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт. Блогдаги материаллар учун блог эгаси, хабарлар остидаги фикрлар учун фойдаланувчининг ўзи жавобгар.