logotip
Kazemironing debyuti: "Mourino meni xonasiga chaqirdi va..."
11 YANVAR, 23:27 / O'QILDI: 824
Bugungi "Real Madrid"ning asosiy figuralaridan biri ilk o'yini arafasida Mourino unga nima deganini yodga oldi. Braziliyalik Madridning "Real" klubi safida 2013 yil 20 aprelida "Betis"ga qarshi uchrashuvda debyut o'yinini o'tkazgan. 2013 yil 20 aprel sanasi bir umr Kazemironing xotirasida qoladi. U "Madrid"ga "San Paulo"dan 6 oylik ijara asosida kelganiga hali ko'p bo'lmagandi. O'shanda ispan grandi qator yosh iqtidorlarni safiga chorlagan va ularga imkon bergandi. Klubning ashaddiy muxlislari yodida bo'lsa kerak, aynan o'sha damlarda  Alvaro Morata, Nacho, Xese Rodriges, Denis CHeryshev, Lukas Vaskes va Fabinoni "Real"da ko'ra boshlagandik.O'ziga xos tana tuzilishiga ega Kazemiroga eng boshidan katta umid bog'langandi. To'g'ri, u ancha vaqtgacha birinchi tanlov bo'lmay keldi, lekin baribir. U bosh bilan yaxshi o'ynay olar, uzoq masofadan kuchli zarba bera olar va asosiysi o'ziga, o'z kuchiga bo'lgan ishonch bor edi. SHunday bo'lsada, Ispaniya poytaxtiga endi ko'chib o'tgan yosh futbolchi uchun "Real Madrid" asosiy tarkibi bilan haftasiga 2 kun mashq qilishi butkul kutilmagan voqea edi. Xabi Alonso va Xediraga dam berilgan, Kazemiroga qo'ng'iroq qilishdi"Kastilya" murabbiyi Alberto Toril menga qo'ng'iroq qildi va shunday dedi: "Kaz, birinchi jamoaga futbolchi kerak va sen ular bilan shug'ullanasan". Men hech nimani bilmasdim, chunki barchasini Mourino hal qilardi. "San Paulo" men ko'p o'yinlarda maydonga tushgandim, lekin Braziliyadagi futbol bu erdagidan farq qilardi. Braziliyada siz o'yin vaqtida to'g'ri qaror qabul qilishingiz uchun ortiqcha vaqtingiz bo'lmaydi. SHunday qilib men asosiy jamoa bilan shug'ullana boshladim va bu o'yin uslubi menga juda mos tushishini sezdim. Kurashlarga, fikrlashga tayangan bu futbolda o'zimni ko'rsatishim osonroq edi. Men mashg'ulotdan zavq olardim. Yodimda, Mourino bir marta Karanka bilan maydonlarning birida gaplashayotganida, Aytor: "Ey, bu yigitchaning harakatlari yomon emas", dedi, bunga javoban Mourino: "Ha, men uni bilaman – u Kazemiro. Braziliyadan kelgan va "San Pauloda ancha o'yinda maydonga tushgan..." U buni xuddi atayin qilganday, men eshitishim uchun, baland ovozda aytgandi".«Tinchlan, sen asosiy tarkibdasan», – degandi Mourino debyut o'yinidan avval KazemirogaKazemiro La Liganing 32-turi doirasida "Bernabeu"da "Betis"ga qarshi bo'ladigan o'yin qaydnomasiga kiritilganidan xabar topadi. Maykl Essen jarohatlangan, Sami Xedira va Xabi Alonsoga esa CHempionlar Ligasi yarim finali - Dortmundning "Borussiya"siga qarshi bellashuv oldidan dam berilgandi. Futbolchi o'zini qo'yarga joy topolmasdi. "Kaka meni chaqirishganda, katta yordam berdi. U jamoa mehmonxonada yig'ilganda, shunchaki o'zini yonida bo'lishimni aytdi".U erda Joze Mourino yarim himoyachi "Betis"ga qarshi o'yinni asosiy tarkib boshlashini malum qiladi. "O'yin kuni meni oxirgi 5 daqiqada zaxiradan tushirishsa kerak deb o'ylagandim – bu mening debyutim va maydonda qanday harakat qilish haqida gaplashsak deb o'ylagandim. Ammo unday bo'lmadi. Mourino tushlikdan avval nutq so'zlashi kerak edi, lekin bu ishni qilmadi.Keyinroq menga "Kaz, xonamga yur", dedi. Men o'ylab qoldim: "Qiziq, u menga nima demoqchi? Hech nima qilmadim-ku..." Xonasiga bordim va u: "Kaz, men seni bilaman. "San Paulo"da 100dan ortiq uchrashuvda qatnashganingdan xabarim bor. Men taktik doskada o'zimni ko'rdim – asosiy tarkibda! Murabbiy imo bilan ko'rsatdida: "Sen asosiy tarkibda tushasan". Men? Asosiy tarkibda? "Ha, to'g'ri eshitding. Sen ko'p mehnat qilding va buni uddalaysan. Quloq sol, to'p senga kelib tushishi bilan, shoshilma, tanang yordamida uni raqibdan himoya qil, mahoratingni ko'rsat va "Bernabeu" seni yoqtirib qoladi" – xotirlaydi Kazemiro Mourinoning birinchi ko'rsatmalarini eslab.Kazemiro va murabbiylar"Madrid" o'sha o'yinda 3-1 hisobida zafar quchdi, Kazemiro esa o'yinni to'liq o'tkazdi. Biroq o'sha o'yin yarim himoyachi uchun mavsumdagi birinchi va so'nggisi bo'ldi. Iyun oyida "Real" shartnoma bandidan foydalangan holda, "San Paulo"dan transfer huquqini sotib oldi. Futbolchiga 4 yillik shartnoma taklif etildi. Mourino ketgach, Kazemiro ko'proq imkoniyatga ega bo'ldi. Yangi murabbiy Karlo Anchelotti qo'l ostida mavsumoldi yig'inning dastlabki ikki uchrashuvida gol urdi va La Liganing birinchi uch o'yinida asosiy tarkibda tushdi, lekin keyin qaergadir "yo'q bo'lib qoldi". Kazemiro 2014/15 yilgi mavsumni "Portu"da ijarada o'tkazdi. Portugaliyadan qaytgan futbolchi Rafa Benites tarkibida ham muhim futbolchiga aylanmadi, lekin Zidan qo'l ostida asosiy tarkibdan muqim joy egalladi. Bugungi kunga kelib braziliyalik futbolchi "qaymoqranglilar"ning muhim futbolchilaridan biriga aylanib ulgurdi. Jamoa safida 200 dan ortiq uchrashuvda maydonga tushdi va 12 sovringa ega chiqdi – 4 marta CHempionlar Ligasi, 1 marta La Liga, 1 marta Qirol Kubogi, 3 marta Jahon Kubogi (klublar o'rtasidagi JCH), 1 marta Ispaniya Superkubogi va 2 marta Evropa Superkubogi.Jamoa Ispaniya Superkubogi finalida "Atletiko Madrid"ga qarshi maydonga tushadi va "Qirollik klubi" g'alaba qozongan taqdirda, Kazemiro ikkinchi bor ushbu sovrinni boshi uzra ko'tarishi mumkin.Omonjon To'xtamirzaev tarjimasi
FIKRLAR
Hozircha hech kim izoh qoldirmagan.

© MAYDON.RU – Футбол янгиликлари.
Ташкил топган сана: 10.12.2018.
Бош муҳаррир: Жасурбек Аллашукиров.
Барча ҳуқуқлар ҳимояланган. Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт. Блогдаги материаллар учун блог эгаси, хабарлар остидаги фикрлар учун фойдаланувчининг ўзи жавобгар.