logotip
Abduvohid Ne'matov: «Xitoyga qarshi o'yinda chiroyli g'alaba bilan 3 ochko qo'lga kiritishga va'da beramiz»
11 YANVAR, 21:30 / O'QILDI: 1438

Shu kunlarda Tailandda futbol bo'yicha U-23 Osiyo chempionati bo'lib o'tmoqda. O'zbekiston olimpiya terma jamoasi mazkur qit'a birinchiligining ikkinchi tur uchrashuviga qizg'in hozirlik ko'rmoqda. Eronga qarshi ortda qolgan o'yin ko'p jihatdan yigitlarimizni xushyorlikka chaqirgani tabiiy. E'tiboringizga jamoamizning eng yosh vakili (18 yosh) bo'lishiga qaramasdan asosiy tarkib darvozaboni bo'lishga ulgurgan Abduvohid Ne'matov bilan o'tgan suhbatni havola qilamiz:

– Birinchi o'yindan jamoaning ko'ngli to'ldimi?
– Dastlabki o'yinni durang bilan boshladik. Sezib turibmiz, butun xalqimiz bizdan bu o'yinda g'alaba kutishgan edi. Ammo o'yin ancha qiyin kechdi. Yopiq o'tgan o'yin sabab o'zimizning 100 foizlik o'yinimizni ko'rsata olmadik. Endi ikkinchi o'yinda bor kuchimizni ko'rsatishga harakat qilamiz.

– Xitoy bilan o'yinga tayyorgarlik qanday ketmoqda?
– A'lo darajada. Hamma yigitlarning kayfiyati yaxshi. Har kuni videotasvirlar orqali raqibning ojiz va kuchli tomonlarini tahlil qilib chiqyapmiz. Xitoyga qarshi o'yinda chiroyli g'alaba bilan 3 ochko qo'lga kiritishga va'da beramiz.

– Yigitlarda sharoitlar, oziq-ovqatlar bo'yicha kamchilik bo'lmayaptimi?
– Aslo. Yaqin 1 hafta ichida bunaqa tomondan sira kamchilik ko'rmadik. Bizni qo'llab-quvvatlashga kelgan hamyurtlarimiz o'zlari bilan bizga milliy ovqatlarimizni olib kelishgan. Qolaversa, har kuni o'zbek taomlarini ham tayyorlab berishmoqda.

Eslatib o'tamiz, mazkur Osiyo chempionati Tokio Olimpiadasi uchun yo'llanma berishi unga bo'lgan e'tiborni yana bir karra oshirmoqda. Ertaga guruh bosqichi doirasida Xitoyga qarshi kechadigan o'yinimiz Toshkent vaqti bilan 18:15 da start oladi.

“S” guruhidan joy olgan jamoamiz dastlabki tur eronlik tengqurlariga qarshi bahsda 1:1 hisobidagi durang natijani qayd etgan. Xitoyliklar esa Janubiy Koreyaga 0:1 hisobida imkoniyatni berishgan.


Manba: Maydon.ru

FIKRLAR
Hozircha hech kim izoh qoldirmagan.

© MAYDON.RU – Футбол янгиликлари.
Ташкил топган сана: 10.12.2018.
Бош муҳаррир: Жасурбек Аллашукиров.
Барча ҳуқуқлар ҳимояланган. Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт. Блогдаги материаллар учун блог эгаси, хабарлар остидаги фикрлар учун фойдаланувчининг ўзи жавобгар.