logotip
«Lokomotiv»ning dastlabki o'rtoqlik uchrashuvidagi raqibi «Glazgo Reynjers» haqida nimalarni bilamiz?
11 YANVAR, 00:05 / O'QILDI: 963
3 yanvardan BAA poyxati Abu Dabida qishki o'quv-mashg'ulot yig'inini olib borayotgan "Lokomotiv" ertaga, 11 yanvar kuni yangi yil hisobidan dastlabki o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazadi.

"Temiryo'lchilar"ning ilk raqibi Shotlandiyaning eng nomdor klublaridan biri "Glazgo Reynjers" bo'ladi. "Glazgo Reynjers" ayni paytda Dubayda mashg'ulot o'tkazyapti va mavsumning ikkinchi yarmiga tayyorgarlik ko'rmoqda. Ertangi bahs Dubaydagi "Sevens" stadionida bo'lib o'tadi va mahalliy vaqt bilan 15:00 (Toshkent vaqti 16:00)da boshlanadi. Xo'sh, "temiryo'lchilar"ning ushbu raqibi haqida nima deyish mumkin?

- "Glazgo Reynjers" 1872 yil tashkil topgan bo'lib, Shotlandiyaning eng ko'p sovrin yutgan jamoasi hisoblanadi. Bu jamoa o'z tarixida 54 marta chempionlikni nishonlagan, shuningdek 33 bor Kubokni qo'lga kiritgan. "Reynjers" uy uchrashuvlarini Glazgodagi 50,817 muxlisga mo'ljallangan "Aybroks" stadionida o'tkazadi.

- Bundan tashqari bu jamoa 1972 yil Kubok egalari Kubogida zafar quchgan, 2008 yil bo'lib o'tgan UEFA Kubogi finalida o'ynagan. "Glazgo Reynjers" o'tgan mavsum ichki chempionatda ikkinchi o'rinni egalladi. Chempionlik "Seltik"ka nasib etdi. 

- Bu mavsum jamoa hozircha turnir jadvalida ikkinchi o'rinda boryapti. Glazgoliklar 19 o'yinda 50 ochko to'plashdi, peshqadam "Seltik" hisobida esa 52 ochko bor. Qolaversa "Reynjers" ashaddiy raqibidan bitta kam o'yin o'tkazgan. 

- Jamoa bosh murabbiyi barchamizga yaxshi tanish Stiven Jerrard hisoblanadi. Angliyalik mashhur sobiq futbolchi 2018 yildan beri ushbu jamoani boshqarib kelyapti.

- 39 yoshli murabbiy futbolchilik paytida "Liverpul" sardori bo'lish bilan birga qator yutuqlarni qo'lga kiritgan. Ayniqsa 2004/2005 yilgi mavsumda UEFA Chempionlar ligasi finalida "Milan" mag'lub etilishi Jerrard hayotida o'chmas iz qoldirgan. 

- Murabbiylik faoliyatini boshlaganiga ko'p bo'lmagan Jerrard Shotlandiyaning dekabrdagi "Eng yaxshi murabbiyi" deb topildi va tegishli sovrinni qabul qilib oldi. 

- "Glazgo Reynjers" safida bir nechta taniqli futbolchilar to'p tepadi. Shular orasida eng mashhuri Jermeyn Defo. Bundan tashqari jamoada Jon Flanagan, Endi King, Skott Erfild, Stiven Devis kabi futbolchilar ham bor.

- Shotland klubining Dubaydagi yig'ini olti kunga mo'ljallangan. "Loko" bilan o'yindan so'ng jamoa yana Shotlandiyaga qaytib ketadi.

- "Lokomotiv" esa 14 yanvar kuni Xitoyning "Jiangsu Suning" jamoasiga qarshi bahs olib boradi.


Manba: Maydon.ru

FIKRLAR
Hozircha hech kim izoh qoldirmagan.

© MAYDON.RU – Футбол янгиликлари.
Ташкил топган сана: 10.12.2018.
Бош муҳаррир: Жасурбек Аллашукиров.
Барча ҳуқуқлар ҳимояланган. Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт. Блогдаги материаллар учун блог эгаси, хабарлар остидаги фикрлар учун фойдаланувчининг ўзи жавобгар.