logotip
Vilim Posinkovich: «Shota Arveladzeni juda yaxshi taniyman»
10 YANVAR, 23:25 / O'QILDI: 1274

Namanganning “Navbahor” klubi joriy mavsumda o'z oldiga yuksak maqsadlarni qo'ymoqda, ya'ni, Osiyo Chempionlar Ligasi yo'llanmasini qo'lga kiritish niyatida. Buni amalga oshirish maqsadida namanganliklar tarkibni kuchaytirishga harakat qilishmoqda. “Lochinlar”ning 10 yanvardan boshlangan o'quv-mashg'ulot yig'iniga mahalliy futbolchilar bilan birga bir qator mahoratli va tajribali legionerlar ham jalb etilishgan. “Navbahor” ko'rigida qatnashayotgan shunday xorijlik o'yinchilardan biri xorvatiyalik hujumchi Vilim Posinkovich. Ushbu futbolchini muxlislarga yaqinroq tanishtirish maqsadida undan intervyu oldik.

— Vilim, avvalo Namanganga xush kelibsiz. Aytingchi, yurtimizga kelguningizga qadar o'zbek futboli haqida ma'lumotga egamidingiz?
—  Albatta, O'zbekiston futboli to'g'risida, ayniqsa, o'zbek muxlislari borasida eshitganman. Mamlakatingizda ko'plab bolqonlik futbolchilar o'ynashgan hamda ulardan yurtingiz futboli borasida ma'lumot olganman.

O'zbekiston klublaridan  ayni paytda ko'rikdan o'tayotgan jamoam — “Navbahor”, shuningdek, “Paxtakor”, “Bunyodkor” va “Lokomotiv” klublarini yaxshi bilaman. Bundan tashqari, bir paytlari mamlakatingizda Rivaldoning to'p surganligidan ham xabarim bor.

O'z o'rnida ta'kidlash joizki, o'tgan mavsumda chempionlik unvonini qo'lga kiritgan “Paxtakor” ustozi Shota Arveladzeni juda yaxshi taniyman. U futbolchilik faoliyati davomida Turkiyaning “Trabzonspor” klubida o'ynab, ushbu mamlakatning “Qayserispor”, ”Qosimposho” hamda “Trabzonspor” jamoalarini boshqargan. 2011 – 2012 yillarda men ham Turkiyaning “Qayseri Erjiesspor” klubida o'ynaganman. O'shanda u haqda ma'lumotga ega bo'lganman.  

—  "Navbahor”ga kelishingiz qanday yuz berdi?
— Bunda agentimning munosib hissasi bor. U jamoadan bo'lgan taklifni ko'rib chiqdi. “Navbahor” murabbiylariga o'yinlarim roligi yozilgan diskni jo'natdik. Shundan so'ng, ular meni Namanganga taklif etishdi. Shu tariqa, “Navbahor” ixtiyoriga keldim.

—  Jamoa murabbiyi Andrey Kanchelskisni ham yaxshi tanisangiz kerak?
—   “Navbahor” ustozining sobiq ittifoqning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo'lganligi, bir paytlari Angliyaning mashhur “Manchester Yunayted” klubida to'p surganligi, mazkur jamoaning etakchilaridan biri bo'lganligidan xabarim bor.

—  Futbolchi bo'lishingizga kim sababchi bo'lgan?
—  Onam sababchi bo'lganlar. To'g'risini aytsam, men sportchilar oilasida tug'ilganman. Onam basketbolchi bo'lganlar va mening ham sportchi bo'lishimni xohlaganlar hamda qo'limdan etaklab, futbol maktabiga olib borganlar. Shu tariqa 6 yoshimdan boshlab, futbol bilan shug'ullanishni boshlaganman. Oldin bo'yim pastligi bois, murabbiylar himoya chizig'iga qo'yishgan. Keyinchalik yarim himoya va hujumda to'p surdim.

—   Xorvatiya terma jamoasi 2018 yilgi jahon chempionatida kumush medalni qo'lga kiritdi hamda o'sha yili xorvatlar etakchisi va sardori Luka Modrich “Oltin to'p”ni qo'lga kiritdi. “Real” yarim himoyachisi Modrich o'z yurtida qanchalik mashhur?
—  Luka Modrich Xorvatiyaning  buyuk futbolchisi. To'g'ri, Modrichgacha ham Xorvatiyadan mashhur o'yinchilar etishib chiqishgan. Ammo milliy terma jamoa bilan hozirgidek ulkan yutuqlarni qo'lga kirita olishmagan. Ayni paytdagi Xorvatiya terma jamoasi esa ta'kidlaganingizdek, vitse-chempion hisoblanadi. Shu bois, Luka Modrich xozirgi paytda ko'plab xorvatiyalik bolalarning kumiri  sanaladi.

Ammo garchi Modrich buyuk futbolchi bo'lsa-da, mening bolalikdagi kumirim hamda o'yinlariga havas qiladigan futbolchi bu Robert Prosinechki sanaladi. Ayni paytda Prosinechki murabbiylik sohasida faoliyat yuritmoqda.

—  Yangi mavsumda “Navbahor”ning oldiga yuksak maqsad, ya'ni OChL yo'llanmasini qo'lga kiritish vazifasi qo'yilmoqda. Sizningcha, bu niyatni amalga oshirish uchun nimalarga e'tibor berish lozim?

—  Albatta, “Navbahor” kuchli jamoa. Ammo men hali O'zbekiston chempionatining saviyasi, bu erdagi klublarning darajasini unchalik yaxshi bilmayman. Yuksak maqsadni amalga oshirishda futbolchilardan puxta jismoniy tayyorgarlik talab etiladi. Shuningdek, futbolda omad ham muhim rol o'ynaydi. Mabodo ko'rikdan muvaffaqiyatli o'tib, “Navbahor” bilan shartnoma imzolaydigan bo'lsam, jamoaning chempionlik unvonini qo'lga kiritishi hamda OChL yo'llanmasini qo'lga kiritishi uchun qo'limdan kelganicha harakat qilaman.

Bizning ma'lumot

Vilim Posinkovich – 1991 yil, 10 yanvarda sobiq Yugoslaviyaning Saraevo shahrida tug'ilgan. Ayni paytda Xorvatiyada istiqomat qiladi. Bo'yi – 184 sm., og'irligi – 79 kg.
Ampluasi  — hujumchi.

Futbolchilik faoliyati davomi Xorvatiyaning “XAShK”, “Luchko”,  “Slaven Belupo”, Turkiyaning “Qayseri Erjiesspor”, “Giresunspor”, Gretsiyaning “Kavala”, “Iraklis”, “Kissamikos”, “Egianoakos”, Bosniya va Gertsegovinaning “Olimpik”, Finlyandiyaning “Rops”, “Santa-Klaus”, Kiprning “AEZ”, Polshaning “Rux”, Bolgariyaning “Lokomotiv” (Plovdiv) jamoalarida to'p surgan.

O'tgan mavsumda Bosniya va Gertsegovinaning “Radnik” klubida o'ynagan.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.


Manba: Maydon.ru

FIKRLAR
Hozircha hech kim izoh qoldirmagan.

© MAYDON.RU – Футбол янгиликлари.
Ташкил топган сана: 10.12.2018.
Бош муҳаррир: Жасурбек Аллашукиров.
Барча ҳуқуқлар ҳимояланган. Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт. Блогдаги материаллар учун блог эгаси, хабарлар остидаги фикрлар учун фойдаланувчининг ўзи жавобгар.