logotip
Bugun Abramov qanday uslubdan foydalangani ma'qul?
10 OKTYABR, 13:05 / O'QILDI: 816

Bugun Jahon chempionati saralashi doirasida terma jamoamiz navbatdagi o'yinini o'tkazadi.

«Paxtakor» stadionida Yaman mehmonimiz bo'ladi. Ushbu o'yindan oldin ko'p narsa o'zgargan, bu hammamizga ayon.

ABRAMOV FENOMENI

Yangi murabbiy kelgan paytda, albatta, futbolchilarning xatti-harakati ham o'zgaradi. Agar murabbiy o'z imzosini ko'rsata olsa. Vadim Abramov nafaqat muxlislarda, balki futbolchilarda ham iliq taassurot qoldira olgan, albatta, o'yin borasida. Futbolchilar Abramov nima xohlashini, qaysi taktikaga murojaat qilishini qisman bilishadi. Terma safida ham bundan boxabar futbolchilar etarlicha. Yangilarga esa Abramov qisqa muddat ichida o'z falsafasini singdirib ulgurgan.

Raqibga hurmat saqlagan holda aytish kerakki, futbolchilarimiz Yamanni mag'lub etishlari uchun Amerika ochishlari shart emas. Shunchaki o'z o'yinlarini namoyish etishsa bo'ldi. Terma tarkibidagi hozirgi futbolchilarning salohiyati, agar ular bundan to'liq foydalanishsa, Yamanni mag'lub etish uchun etarli bo'ladi.

Abramov deganda ko'z oldimizga hujumkor murabbiy gavdalanadi. Shu boisdan ham bugun futbolchilarimiz katta ehtimol bilan hujumkor o'yin ko'rsatishadi.

RAQIBNING TAKTIKASI QANDAY BO'LADI?

Katta ehtimol bilan Yamanning taktikasi — ikkinchi raqamli bo'lib o'ynash. Ya'ni asosan, himoyalanib, qarshi hujumga o'tish. Yamanda tezkor va aniq harakat qiladigan futbolchilar ko'p. Shuning uchun himoyaga e'tibor qaratishimiz lozim.

Futbolchilarimiz gol urishlari shart, g'alaba qozonishlari shart. Bu esa imkon qadar ko'proq hujum uyushtirish, oldinga intilishga majbur qiladi. Raqib murabbiyi esa buni juda yaxshi tushunib turibdi. Bejizga u «O'zbekistonga qarshi o'ylab qo'ygan taktikamiz bor», demadi. Menimcha, raqib bizning hujumdagi xatolarimizni kutadi, bosim uyushtiradi, to'pni olib qo'ygan zahoti esa qisqa va uzun passlar orqali olg'a intiladi. Uzoqdan kuchli zarbalar ham berishi mumkin, chunki darvoza chizig'imizning ham unchalik kuchli emasligi raqiblarga ayon.

MUHIMI — TEZKORLIK VA ANIQLIK

Shunday ekan, bugun futbolchilarimiz aniq va tezkor harakat qilishlari lozim. Hujumda xato bo'lmasligi kerak, deya olmaymiz, chunki xato bo'lishi tabiiy. Shunday vaziyatda, raqib qarshi hujumga o'tganda tezkor harakat qilish lozim, oxirigacha kurashish kerak.

Aniqlikka keladigan bo'lsak, bu o'zaro uzatmalarda asqatadi. Uzoqqa havodan to'p uzatishlar kerak emas, chunki biz hali bunday uslubga tayyor emasmiz. Eng ma'quli tiki-takaga yaqin, qisqa va tezkor paslar orqali raqib jarima maydoniga yorib kirish, shuningdek, qanotlardan to'pni raqib jarima maydoniga havolatib etkazib berish. Bizda bosh bilan yaxshi o'ynaydigan hujumchi bor — Eldor Shomurodov. Faqat bunda ham aql bilan harakat qilish talab etiladi.

Uzoqdan aniq zarba berish ham muhim. So'nggi paytlarda Odil Ahmedovning uzoqdan beradigan kuchli zarbalarini sog'indik. Umid qilamanki, bugun futbolchilarimiz imkon bo'lgan payti aniq va kuchli zarba yo'llashni ham unutishmaydi. Sovuqqonlik juda muhimdir.

Bugungi o'yin Abramovning nimalarga qodirligini qisman ko'rsatadi.

Manba: stadion.uz

FIKRLAR

© MAYDON.RU – Футбол янгиликлари.
Ташкил топган сана: 10.12.2018.
Бош муҳаррир: Жасурбек Аллашукиров.
Барча ҳуқуқлар ҳимояланган. Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт. Блогдаги материаллар учун блог эгаси, хабарлар остидаги фикрлар учун фойдаланувчининг ўзи жавобгар.