logotip
Lempardning yangi "Chelsi"si: sovuqqon, tezkor, tavakkalchi
4 OKTYABR, 17:15 / O'QILDI: 1228

Joriy mavsumda «Chelsi» boshqaruvini qo'liga olgan Frank Lempard o'zgacha bo'ron bilan kirib keldi. Uning jamoani qabul qilib olishi boshqa murabbiylarnikidan tubdan farq qildi.

YaNGILANISh

Lempardga qoyil qolgan tomonim, u tarkibni keskin yoshartirdi. Bu ishni sekin-astalik bilan emas, birdaniga amalga oshirib qo'ya qoldi. Ayni damda London klubida yosh futbolchilar bir talay. Muhim tomoni, Lempard o'zi avval boshqargan jamoadan bir nechta shogirdlarini Londonga olib keldi, hech ikkilanmay ishonch bildirdi. Oqibatda «Chelsi»ning o'yini shunga yarasha o'zgardi. Garchi start u qadar yaxshi emasdir, ammo tarkib butunlay yosharganini inobatga olsak, yomon emas.

Shu o'rinda David Luis bilan bog'liq holat ham Lempardning maqsadi jamoani yoshartirish ekanligini ko'rsatdi. Garchi David hali jamoaga foyda keltira olsa-da, Lempard uning o'rnini yosh futbolchilarga bo'shatib berishni ma'qul ko'rdi.

KAShFIYoTLAR

Lempard «Chelsi»ning yangi tarixini yozyapti. Hozircha yangi nomlar kashf etmoqda. Abraham, Mount… xullas, klub tarkibiga qo'shilgan barcha yosh futbolchilar o'zlarini ko'rsatishmoqda. Lempardning omadi ham shu bo'ldi, ya'ni u tavakkal qilib, ishonch bildirgan futbolchilar ishonchni oqlashdi.

SOVUQQONLIK

Frank «Chelsi»ni shunchalik sovuqqonlik bilan boshqaryaptiki, qoyil qolasiz. Endigina murabbiylikni boshlagan inson nafaqat Evropa, balki dunyoning eng kuchli klublaridan birini qabul qilib olganida hayajonlanishi, hatto dovdirashi, katta tavakkallarga qo'l urishdan cho'chishi tabiiy. Lekin Lempardning jur'atiga qoyil qoldim rosti. Garchi o'zi o'ynagan jamoa bo'lsa-da, baribir, futbolchilik boshqa, murabbiylik boshqa. Futbolchi faqat o'ziga javobgar bo'ladi, murabbiy esa butun boshli jamoani boshqarishi, butun boshli jamoa uchun javob berishi kerak. Lempard ana shu mas'uliyatga oddiy ish sifatida qaradi va hozircha ishini qoyillatmoqda.

TAKTIKA

Lempard, asosan, hujumkorlikka e'tibor qaratdi. Bu, birinchidan, «Chelsi»ga, ikkinchidan, APLga mos. E'tibor bergan bo'lsangiz, Lempard o'z taktikasini yaratdi va o'sha asosida harakat qilyapti. Raqib qanday jamoa bo'lishidan qat'iy nazar, Lempard falsafasiga sodiq qolmoqda.

IMKON BERISh KERAK

Agar voqealar jarayoni shu tarzda davom etsa, Lempard yangi tarix yaratadi. Shu boisdan unga imkon berish kerak. Natijalar biroz salbiy bo'lsa, London klubi muxlislari bunga «Chelsi»ning salbiy natijasi deb emas, Lempard shakllantirgan yosh jamoaning natijasi sifatida qarashlari kerak. Ayni damda Lempardning «Chelsi»si nihol, nihol esa, parvarish to'g'ri bo'lsa, albatta, daraxtga aylanadi. Uning mevasini eyish uchun esa sabr qilish lozim.

Nizomjon ISLOMOV

 

Manba: stadion.uz

FIKRLAR

© MAYDON.RU – Футбол янгиликлари.
Ташкил топган сана: 10.12.2018.
Бош муҳаррир: Жасурбек Аллашукиров.
Барча ҳуқуқлар ҳимояланган. Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт. Блогдаги материаллар учун блог эгаси, хабарлар остидаги фикрлар учун фойдаланувчининг ўзи жавобгар.